Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 18849 marta o'qildi

Davriylik qanday belgilanadi

Qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish davriyligi aholi punktining sanitariya holati, kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalar rivojlanishining oldini olish zarurati va mahalliy iqlim sharoitlari hisobga olingan holda tuman va shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.

Mahalliy hokimlik belgilaydigan davriylik qonunchilikda nazarda tutilgan minimal davriylikdan kam bo‘lishi mumkin emas.

Ma’muriy markazlar va shaharlarda

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlarning ma’muriy markazlarida, shaharlar, shaharchalar va Toshkent shahrida chiqindilar:

  • chiqindi to‘plash shoxobchalaridan — har kuni bir marta;
  • yakka tartibdagi uy-joy sektoridan «signal» usulida — uch kunda bir martadan kam bo‘lmagan holda olib chiqilishi kerak.

Respublikaning boshqa hududlarida

Qolgan hududlarda chiqindilar:

  • chiqindi to‘plash shoxobchalaridan — ikki kunda bir marta;
  • yakka tartibdagi uy-joy sektoridan «signal» usulida — haftada bir martadan kam bo‘lmagan holda olib chiqiladi.

Avval amalda bo‘lgan “barcha hududlarda konteynerlardan har kuni, «signal» usulida uch kunda bir marta” degan umumiy qoida endi respublikaning barcha hududlariga bir xil tatbiq etilmaydi.

Chiqindilarni olib chiqish jadvali

Aniq jadval xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi bilan kelishilgan holda belgilanadi. Jadvaldagi oraliq tuman yoki shahar hokimligi belgilagan davriylikdan oshib ketmasligi kerak.

Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot jadvalga rioya qilmasa, iste’molchi:

  • tashkilotning dispetcherlik xizmatiga buyurtmanoma berishi;
  • hududiy ekologiya organiga;
  • Chiqindilarni boshqarish va tsirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining hududiy bo‘linmasiga murojaat qilishi mumkin.

Dispetcherlik xizmatiga tushgan buyurtmanoma bir ish kunidan kechikmay bajarilishi lozim.

Chiqindi to‘planish me’yori

Olib chiqiladigan chiqindi hajmi tasdiqlangan to‘planish me’yorlari asosida aniqlanadi. Turar joylar uchun me’yor uyning obodlik darajasi, gaz, issiqlik, suv va kanalizatsiya mavjudligini hisobga olgan holda bir kecha-kunduzda bir kishi hisobiga belgilanadi.

To‘planish me’yorlari ijtimoiy-iqtisodiy, demografik va obodlik sharoitlari o‘zgarishiga qarab, kamida besh yilda bir marta qayta ko‘rib chiqilishi kerak.

Ushbu qoidalar Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-fevraldagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan.

Chat