Hududlarni tozalash uchun mas’ullar
Sanitariya jihatidan tozalash ishlariga hududlarni tozalash, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish kiradi.
Hududlarni tozalash:
- obodonlashtirish ob’ektlarida — shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari;
- ko‘p kvartirali uylar atrofida — shirkat yoki boshqaruvchi tashkilot;
- yakka tartibdagi uy va tashkilotlarning er uchastkalarida — mulkdor, foydalanuvchi yoki ijarachi;
- avtomobilь yo‘llari va yo‘l inshootlarida — ularga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot;
- temir yo‘lning ajratilgan hududida — temir yo‘l tashkiloti;
- bozor va unga tutash hududda — bozor ma’muriyati;
- bekatlardagi vaqtinchalik savdo ob’ektlarida — ob’ekt egasi;
- savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtasi atrofidagi 5 metr radiusda — tegishli tadbirkor tomonidan amalga oshiriladi.
Chiqindi qutilarini o‘rnatish
Chiqindi qutilari, jumladan:
- ko‘p kvartirali uy pod’ezdiga kirishda — 1 ta;
- tashkilot va savdo ob’ekti kirish-chiqishida — 1–2 ta;
- metro hamda er osti va er usti o‘tish joylarining har bir kirish-chiqishida — 2 ta;
- bog‘ va xiyobonlarda — har 800 m² maydonga 1 ta;
- bozor va yirik savdo ob’ektlarida — har 250 m² maydonga 1 ta;
- jamoat transporti bekatlarida — 1–2 ta;
- avtoturargoh kirish-chiqishida — 1–2 ta;
- davolash muassasalari hovlisida — har 700 m² maydonga 1 ta;
- serqatnov piyodalar hududida har 50 metrgacha, odam kam joylarda har 100 metrgacha masofada o‘rnatiladi.
Qutilar piyodalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, bolalar aravachalari va velosipedlar harakatiga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Ular to‘lishiga qarab, lekin sutkada kamida bir marta bo‘shatilishi va tozalanishi lozim.
Chiqindi to‘plash shoxobchasining joylashuvi
Chiqindi to‘plash shoxobchalari:
- turar joy binolari derazalaridan;
- bolalar muassasalari hududi chegarasidan;
- dam olish joylaridan kamida 20 metr va ko‘pi bilan 100 metr masofada joylashtiriladi.
Shoxobcha moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektining qo‘riqlanadigan tegrasi chegarasidan tashqarida bo‘lishi kerak. Maxsus transportning kirishi, konteynerlarni bo‘shatishi va burilishi uchun qulay sharoit yaratilishi lozim.
Chiqindi to‘plash shoxobchasini o‘zboshimchalik bilan ko‘chirish yoki yo‘q qilish mumkin emas. Amaldagi shoxobcha faqat yangi shoxobcha qurilganidan keyin buzilishi mumkin.
Maishiy chiqindilarni joylashtirish
Ko‘p kvartirali uylarda chiqindilar chiqindi to‘plash shoxobchasidagi konteynerlarga tashlanadi.
Yakka tartibdagi uy-joy sektorlarida «signal» usuli qo‘llanilsa, chiqindilar maxsus transport jadval bo‘yicha kelguniga qadar uy hududida saqlanadi va bevosita transportga topshiriladi. Buning uchun 40–120 litrli, g‘ildirakli va zich yopiladigan qopqoqli konteynerlardan foydalanish mumkin.
Yirik gabaritli chiqindilar
Yirik gabaritli chiqindilar suv o‘tkazmaydigan qoplama va yomg‘ir suvini oqizish tizimiga ega, maydoni kamida 8–10 m² bo‘lgan maxsus maydonchada to‘planadi.
Yakka tartibdagi uy-joy hududida bunday maydoncha eng yaqin turar joy yoki odamlar doimiy bo‘ladigan ob’ektdan kamida 20 metr uzoqlikda joylashtiriladi. Uning samarali qamrov radiusi 100–200 metr bo‘lishi mumkin.
Muqobil ravishda mulьtilift tizimida tashiladigan 3–6 m³ hajmli konteynerlar o‘rnatilishi mumkin.
Chiqindilarni alohida to‘plash
Chiqindi to‘plash shoxobchalarida quyidagi to‘rt turdagi konteynerlar nazarda tutiladi:
- qayta ishlanadigan chiqindilar uchun — ko‘k;
- organik chiqindilar uchun — jigarrang;
- qayta ishlanmaydigan chiqindilar uchun — kulrang;
- xavfli maishiy chiqindilar uchun — to‘q sariq.
Qo‘shimcha ravishda plastmassa uchun sariq, shisha uchun oq va qog‘oz uchun havorang konteynerlar o‘rnatilishi mumkin.
Taqiqlanadigan harakatlar
Quyidagilar taqiqlanadi:
- chiqindilarni ko‘cha, hovli, ariq, suv yo‘li yoki boshqa ruxsat etilmagan joyga tashlash;
- suyuq chiqindilarni ariq, drenaj yoki yomg‘ir kanalizatsiyasiga oqizish;
- chiqindilar va barglarni maxsus uskunasiz yoqish;
- yirik gabaritli va qurilish chiqindilarini oddiy konteynerlarga tashlash;
- chiqindilarni maxsus mo‘ljallanmagan transportda tashish;
- maishiy chiqindilarni maxsus transport kuzovidan tashqarida tashish.
Mazkur talablar Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2 oktyabrdagi 787-son qarori bilan tasdiqlangan qoidalarda belgilangan.