Davlat OTMlarining biridan boshqasiga o‘qishni ko‘chirish, asosan, quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:
— talaba oila qurgani munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga ko‘chishni istaganda;
— davlat organi xodimining ish joyi boshqa hududga o‘zgarganda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga etmagan farzandi tegishli tavsiya asosida o‘qishini ko‘chirganda.
Ko‘chirishda, birinchi navbatda, mos yoki turdosh ta’lim yo‘nalishi mavjudligi hisobga olinadi.
Mos ta’lim yo‘nalishi — nomi bir xil bo‘lgan bakalavriat yo‘nalishi yoki magistratura mutaxassisligi.
O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar elektron platforma orqali bir o‘quv yilida ikki marta qabul qilinadi:
— kuzgi semestr uchun — 15-iyuldan 5-avgustgacha;
— bahorgi semestr uchun — 10 yanvardan 20 yanvargacha.
Biroq bahorgi qabul davrida bir OTMdan boshqa OTMga ko‘chirib tiklash bo‘yicha arizalar qabul qilinmaydi.
Birinchi kursning birinchi semestriga o‘qishni ko‘chirishga, qoida tariqasida, ruxsat berilmaydi. Qonunchilikda nazarda tutilgan ayrim istisnolar mavjud.
O‘qishdan chetlashtirilgan shaxs o‘qishini qayta tiklash uchun:
— kuzgi semestrga 15-iyuldan 5-avgustgacha;
— bahorgi semestrga 10 yanvardan 20 yanvargacha murojaat qilishi mumkin.
Qayta tiklash bo‘yicha qarorlar tegishincha 6–31-avgust va 21-yanvar–10-fevral kunlari qabul qilinadi.
O‘qishni qayta tiklash, qoida tariqasida, to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Eslatma: talaba o‘qishdan chetlashtirilgan o‘sha o‘quv yilida o‘sha kurs va semestrga qayta tiklana olmaydi.
Talaba quyidagi asoslarda OTMdan chetlashtirilishi mumkin:
— o‘z xohishiga ko‘ra;
— o‘qishi boshqa ta’lim tashkilotiga ko‘chirilganda;
— ichki tartib va odob-axloq qoidalarini buzganda;
— bir semestrda darslarni uzrli sababsiz 74 soatdan ortiq qoldirganda;
— kontrakt to‘lovini o‘z vaqtida amalga oshirmaganda;
— sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganda;
— kirish imtihonida qoidabuzarlik sodir etgani sud qarori bilan aniqlanganda;
— qabulda taqdim etilgan hujjatlar qalbaki ekani aniqlanganda;
— qonunchilikda belgilangan boshqa holatlarda.
Kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzgani sud qarori bilan aniqlanib chetlashtirilgan shaxs o‘qishga qayta tiklanmaydi.
O‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash natijasida fanlar va kreditlar farqi yuzaga kelsa, ular tegishli kreditlar miqdoriga mos ravishda belgilangan to‘lovdan keyin o‘zlashtiriladi.
Akademik ta’tildan belgilangan vaqtda qaytgan talabaga yuzaga kelgan fanlar farqini bir marta bepul o‘zlashtirish imkoniyati beriladi.