Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 79634 marta o'qildi

Xizmatlarni ko‘rsatish tartibi

Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari tuman yoki shahar hududi belgilangan tartibda biriktirilgan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslarga xizmatlar ommaviy shartnoma asosida ko‘rsatiladi. Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot unga hudud biriktirilganidan keyin 5 ish kuni ichida ommaviy shartnomaga havolani SMS orqali yuborishi, uni rasmiy veb-sayti va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilishi kerak.

Alohida ko‘chmas mulkdan foydalanuvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan shartnoma maxsus portal orqali yuboriladigan ommaviy oferta asosida tuziladi. Oferta olinganidan keyin uni 15 kun ichida aktseptlash yoki rad etish sababini ko‘rsatish lozim.

Alohida to‘lov evaziga olib chiqiladigan chiqindilar

Quyidagi chiqindilar odatdagi majburiy to‘lov tarkibiga kirmaydi va kelishilgan narxda alohida to‘lov evaziga olib chiqiladi:

  • suyuq maishiy chiqindilar;
  • yirik gabaritli maishiy chiqindilar;
  • chorvachilik chiqindilari;
  • qurilish chiqindilari va tuproq;
  • daraxt va butalarni kesish hamda agrotexnik ishlov berishdan hosil bo‘lgan chiqindilar;
  • barglar, shox-shabbalar, kesish qoldiqlari va ko‘cha smyoti.

Yirik gabaritli va qurilish chiqindilarini oddiy maishiy chiqindi konteynerlariga tashlash mumkin emas. Ular maxsus ajratilgan joyga joylashtirilishi va alohida buyurtma asosida olib chiqilishi kerak.

Xizmatlar uchun to‘lov

Iste’molchilar xizmatlar uchun majburiy to‘lovlarni har oyning 10-sanasidan kechikmay to‘laydi. To‘lov naqd yoki naqdsiz shaklda, banklar, to‘lov kassalari, elektron to‘lov tizimlari va boshqa qonuniy usullar orqali amalga oshirilishi mumkin.

Iste’molchi 12 oydan oshmaydigan davr uchun oldindan to‘lov qilishi mumkin. Shu davrda tarif oshsa, oldindan to‘langan summa qayta hisob-kitob qilinmaydi.

To‘lov kechiktirilganda:

  • yuridik shaxslardan — qarzdorlikning har bir kechiktirilgan kuni uchun 0,4 foiz;
  • jismoniy shaxslardan — 0,1 foiz miqdorida penya undiriladi.

Penyaning umumiy miqdori qarzdorlik summasining 50 foizidan oshmaydi.

Qayta hisob-kitob qilish

To‘lovlar quyidagi holatlarda qayta hisob-kitob qilinadi:

  • hisoblashda xatolikka yo‘l qo‘yilganda;
  • xizmat amalda ko‘rsatilmaganda yoki tegishli sifatda ko‘rsatilmaganda;
  • ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar soniga qonuniy asosda tuzatish kiritilganda;
  • sud qarori mavjud bo‘lganda;
  • iste’molchining yashash yoki vaqtincha turgan joyida bo‘lmaganligi hujjatlar bilan tasdiqlanganda;
  • yuridik shaxsning faoliyati vaqtincha yoki butunlay to‘xtagan davrda.

Qayta hisob-kitob tasdiqlovchi hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Xizmat amalda ko‘rsatilmagan bo‘lsa, «mahalla ettiligi» tomonidan dalolatnoma tuzilishi mumkin.

Xizmat ko‘rsatilmagan davr uchun to‘lov hisoblangan bo‘lsa, iste’molchi dalolatnoma tuzish va hisoblangan summani bekor qilishni talab qilishga haqli.

Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-fevraldagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan qoidalarda belgilangan.

Chat