Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 43628 marta o'qildi

Sifatli nooziq-ovqat tovarini qaytarish mumkinmi?

Ha. Maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilingan kundan boshlab 10 kun ichida ayni shunday tovarga almashtirish mumkin.

Agar tegishli tovar sotuvda bo‘lmasa, iste’molchi to‘langan pulni qaytarib olish huquqiga ega. Tovar ishlatilmagan, tovar ko‘rinishi va iste’mol xususiyatlari saqlangan bo‘lishi kerak. Qaytarilmaydigan tovarlarning maxsus ro‘yxati bundan mustasno.

Iste’molchi sudga murojaat qilsa davlat boji to‘laydimi?

Iste’molchi o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq da’volar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod qilingan.

Da’vo qonunchilikda belgilangan tegishli sudlov qoidalari bo‘yicha beriladi.

Onlayn olingan telefon reklamadan farq qilsa nima qilish mumkin?

Agar tovar haqida noto‘g‘ri yoki etarli bo‘lmagan ma’lumot berilgani natijasida iste’molchi kerakli xususiyatlarga ega bo‘lmagan tovarni sotib olgan bo‘lsa, u:

  • shartnomani bekor qilish;
  • pulni qaytarish;
  • etkazilgan zararni qoplash talablarini qo‘yishi mumkin.

Kafolatdagi tovar qancha vaqtda ta’mirlanishi kerak?

Kafolat muddati davomida aniqlangan nuqson:

  • sotuvchi tomonidan — talab qo‘yilganidan boshlab 20 kun ichida;
  • ishlab chiqaruvchi tomonidan — 10 kun ichida bepul bartaraf etilishi lozim.

Kafolat muddati belgilanmagan bo‘lsa-chi?

Agar tovar uchun kafolat yoki yaroqlilik muddati belgilanmagan bo‘lsa, nuqsonli tovar bo‘yicha qonunda nazarda tutilgan talablar, qoida tariqasida, tovar xarid qilinganidan boshlab 6 oy ichida qo‘yilishi mumkin.

Bu muddatni maqbul sifatli tovarni 10 kun ichida almashtirish qoidasi bilan adashtirmaslik kerak.

Ma’naviy zararni ham talab qilish mumkinmi?

Ha. Iste’molchi huquqining buzilishi natijasida ma’naviy zarar etkazilgan bo‘lsa, uni qoplash talab qilinishi mumkin.

Kompensatsiya miqdorini sud belgilaydi va u mulkiy zarar qoplangan-qoplanmaganidan qat’i nazar undirilishi mumkin.

Chat