Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 13557 marta o'qildi

Maxsus tartib kimlarga nisbatan qo‘llaniladi

Jinoyat sodir etilgan paytda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar ishtirokidagi jinoyat ishlari Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan maxsus qoidalar asosida yuritiladi.

Ish yuritishda voyaga etmaganning eng ustun manfaatlari, sha’ni va qadr-qimmati, shaxsiy hayoti hamda yoshiga mos protsessual munosabat ta’minlanishi lozim.

Aniqlanishi shart bo‘lgan holatlar

Oddiy jinoyat ishlarida isbotlanadigan holatlardan tashqari, quyidagilar ham aniqlanadi:

  • voyaga etmaganning aniq yoshi;
  • uning yashash va tarbiyalanish sharoitlari;
  • sog‘lig‘i, shaxsiyati va rivojlanish darajasi;
  • qilmishning mohiyati va oqibatlarini anglash qobiliyatiga ta’sir qilgan holatlar;
  • katta yoshli dalolatchilar yoki boshqa ishtirokchilarning mavjudligi.

Qonuniy vakilning ishtiroki

Voyaga etmagan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining ishida qonuniy vakilning ishtiroki shart. Qonuniy vakil surishtiruvchi yoki tergovchining qarori bilan birinchi so‘roqdan boshlab ishda ishtirok etishga qo‘yiladi.

Qonuniy vakil:

  • qo‘yilgan gumon yoki ayblov mazmunini bilish;
  • protsessual harakatlarda ishtirok etish;
  • ruxsat bilan savollar berish;
  • bayonnomalar bilan tanishish va mulohazalar bildirish;
  • iltimosnoma va shikoyatlar berish huquqiga ega.

Agar qonuniy vakilning harakatlari voyaga etmaganning manfaatlariga zarar etkazsa, u ishda ishtirok etishdan chetlashtiriladi. Uning o‘rniga boshqa qonuniy vakil yoki vasiylik va homiylik organining vakili jalb qilinadi.

Himoyachining majburiy ishtiroki

Voyaga etmaganlar ishida himoyachining ishtiroki majburiy. Himoyachidan voz kechish surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud uchun majburiy hisoblanmaydi.

Agar himoyachi voyaga etmaganning o‘zi, qonuniy vakili yoki boshqa shaxs tomonidan taklif qilinmagan bo‘lsa, vakolatli organ uning ishtirokini ta’minlashi shart.

Muhim: voyaga etmagan shaxs o‘zining aybsizligini isbotlashi yoki o‘ziga qarshi ko‘rsatuv berishi shart emas. U sukut saqlash, advokat bilan xoli uchrashish va zarur bo‘lsa tarjimondan foydalanish huquqiga ega.

Chat