Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 26982 marta o'qildi

Haydovchi — yo‘llarda transport vositasini boshqarib borayotgan shaxs. Boshqarishni o‘rgatuvchi, ot aravani boshqarayotgan, hayvonlarni minib harakatlanayotgan yoki ularni etaklab borayotgan, chorva mollari (poda)ni haydab borayotgan shaxslar haydovchiga tenglashtiriladi.

Mexanik transport vositasining haydovchisi quyidagi hujjatlarni yonida olib yurishi va IIO xodimlari talab qilganda ularga tekshirish uchun berishi shart:
  1. tegishli toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini, uning talonini (eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi bo‘lsa), haydovchilik guvohnomasi belgilangan tartibda olib qo‘yilgan hollarda vaqtincha ruxsatnomani;
  2. vaqtincha ruxsatnoma bilan transport vositasini boshqarishda haydovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatni;
  3. transport vositasini (mopeddan tashqari), mavjud bo‘lganda tirkamani ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi guvohnomani;
  4. transport vositasining egasi bo‘lmagan hollarda esa, umumiy egalik huquqini yoki tasarruf etish huquqini beruvchi, egalik qilishga va foydalanishga berilganligini tasdiqlovchi hujjatni, transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisida ko‘rsatilgan transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) bundan mustasno;
  5. transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisini (elektron ko‘rinishda ham bo‘lishi mumkin).
  6. «Nogironligi bo‘lgan shaxs» taniqli belgisi o‘rnatilgan transport vositasini birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxs boshqarayotganda nogironligini tasdiqlovchi hujjatni;
  7. qonunchilik hujjatlarida ko‘zda tutilgan hollarda litsenziya guvohnomasini, yuridik shaxs tomonidan berilgan transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani yoki yo‘l varaqasini, tashilayotgan yuk hujjatlarini;
  8. yuridik shaxslar transport vositalari haydovchilarining, shu jumladan yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchilarning malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikati (va boshqalar).


Transport vositasining haydovchisi quyidagilarga majburdir

a) yo‘lga chiqishdan oldin transport vositasining texnik sozligini, tozaligini va to‘liq jihozlanganligini tekshirishi;

b) harakatlanish vaqtida transport vositasining texnik sozligini ta’minlashi;

v) harakatlanishni boshlashdan oldin yo‘lovchilar transport vositasida joylarini egallaganligiga, transport vositasining eshiklari yopilganligiga, yo‘lovchilar tashish uchun maxsus jihozlangan yuk transport vositalarida yo‘lovchilar tashiyotganda Qoidalarning 24-bandi talablari bajarilganligiga ishonch hosil qilishi;

g) harakatlanish jarayonida boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga, ayniqsa, piyodalar, bolalar, nogironlar, qariyalarga va velosipedchilarga nisbatan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishi;

d) yo‘lovchilarni quyidagilar haqida ogohlantirishi shart:

  • harakatlanayotgan vaqtda avtomobilь salonidan tana qismlarini (qo‘ldan tashqari) chiqarish taqiqlanganligi;
  • transport vositasi harakatlanishni boshlashidan oldin xavfsizlik kamarlarini taqishlari (ushbu Qoidalarning 9-bandiga muvofiq), mototsikl, moped va skuterda harakatlanayotganda esa motoshlem kiyishlari va uni qadab olishlari zarurligi;

e) sutkaning qorong‘i vaqtida va etarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda majburiy to‘xtagan transport vositasining haydovchisi ta’mirlash maqsadida yo‘lning qatnov qismiga chiqishdan oldin nur qaytargichli maxsus jilet kiyib olishi (engil va yuk avtomobili, avtobus va g‘ildirakli traktorlar haydovchilari);

yo) IIO xodimlarining talabiga ko‘ra mastlik holatini aniqlovchi maxsus tekshiruv yoki alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ta’sirida yoki o‘zgacha tarzda mast holatda ekanligini aniqlash uchun tibbiy tekshiruvdan o‘tishi;

j) harakatlanish vaqtida avariya holatini yuzaga keltirmasliklari;

z) quyidagi hollarda foydalanish uchun transport vositasini berishi shart:

  • IIO, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan xollarda kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarish uchun, shuningdek, yo‘l-transport hodisasi tufayli shikastlangan yoki nosoz transport vositalarini olib ketish (shatakka olish) uchun (faqat yuk avtomobilidan);
  • yo‘lakay yo‘nalishda kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishga ketayotgan tibbiyot xodimlariga hamda zudlik bilan tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni davolash-profilaktika muassasasiga olib borish uchun.


Haydovchiga quyidagilar taqiqlanadi
  1. transport vositasini spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ta’sirida yoki o‘zgacha tarzda mast holatda, sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta’sirida, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan charchoqlik va betoblik holatida boshqarish;
  2. har qanday mastlik holatida, sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta’sirida, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan charchoqlik va betoblik holatida bo‘lgan, shuningdek, tegishli toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan, yo‘l varaqasida yoki transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisida ism-familiyasi ko‘rsatilmagan (transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha shartnoma ushbu transport vositasidan cheklanmagan shaxslarning foydalanilishini hisobga olgan holda tuzilgan hollardan tashqari) shaxslarga transport vositasini boshqarish uchun topshirish;
  3. tormoz tizimi, rulь boshqaruvi ishlamayotgan, ulagich moslamasi (avtopoezd tarkibida) nosoz bo‘lgan, sutkaning qorong‘i vaqtida yoki ko‘rinish cheklangan vaziyatlarda yonmaydigan fara chiroqlari va orqa gabarit fara chiroqlari, yomg‘ir yoki qor yog‘ayotgan vaqtda oyna tozalagich ishlamaydigan transport vositasini boshqarish;
  4. tegishli ruxsatsiz transport vositalariga maxsus texnik jihoz (ratsiya, sirena va shu kabilar)lar o‘rnatish;
  5. transport vositalarining tashkiliy jamlanmasi, shu jumladan piyodalar jamlanmalari harakatiga xalaqit berish va ular orasiga kirish;
  6. transport vositasini boshqarish paytida telefondan (telefondan quloqchinlar orqali va qo‘llarni ishlatmasdan turib so‘zlashuvlar olib borish imkoniyatini beradigan boshqa uskunalar orqali foydalanish bundan mustasno), transport vositasi salonining old qismiga o‘rnatilgan tele, videomonitordan tele, videodasturlarni tomosha qilish uchun foydalanish;
  7. aholi punktlarida transport vositalarining magnitofon va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalarni hamda dvigatelь shovqinini belgilangan me’yordan baland ovozda qilib foydalanish.
  8. Harakatlanish vaqtida ushbu Qoidalarga 3-ilovada ko‘rsatilgan transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlar yuzaga kelganda, haydovchi ularni bartaraf etishi, agar buning iloji bo‘lmasa, zarur bo‘lgan ehtiyot choralarini ko‘rgan holda ta’mirlash yoki to‘xtab turish joyiga evakuator yoki shatakka olish orqali transport vositasini olib borish choralarini ko‘rishi mumkin.

Chat