Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 3142 marta o'qildi

1. NNTlarda qanday hujjatlar bo‘lishi kerak?

Nodavlat notijorat tashkilotining ta’sis hujjatlari quyidagilardan iborat:

  • muassislar (a’zolar) tomonidan tasdiqlangan ustav;
  • qatnashchilar tomonidan tuzilgan ta’sis shartnomasi va ular tasdiqlagan ustav — uyushma (ittifoq) uchun.

Nodavlat notijorat tashkiloti ta’sis hujjatlarining talablari nodavlat notijorat tashkilotining o‘zi uchun, uning muassislari va qatnashchilari (a’zolari) uchun majburiydir.

Ta’sis shartnomasida taraflar (muassislar) nodavlat notijorat tashkilotlari uyushmasini (ittifoqini) tuzish majburiyatini oladilar, uni tuzish sohasida birgalikda faoliyat ko‘rsatish tartibini, unga o‘z mol-mulkini berish hamda uning faoliyatida ishtirok etish, nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatini boshqarish, muassislarning uning tarkibidan chiqish shartlarini belgilab beradilar. Ta’sis shartnomasiga muassislarning kelishuviga binoan boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.

Nodavlat notijorat tashkilotining ustavida quyidagilar nazarda tutiladi:

  • nodavlat notijorat tashkilotining nomi, maqsad va vazifalari, uning tashkiliy-huquqiy shakli, u o‘z faoliyatini amalga oshiradigan hudud;
  • nodavlat notijorat tashkilotining tuzilmasi va rahbar organlari, zaruratga qarab uning nazorat-taftish organlari (ijtimoiy fondlar uchun — majburiy) yoki auditorlarni (auditorlik firmalarini) jalb etishning majburiyligi;
  • rahbar organlarning vakolat doirasi va ularni shakllantirish tartibi, ularning vakolat muddatlari, doimiy asosda ishlaydigan rahbar organ joylashgan er;
  • a’zolik belgilangan birlashmalar uchun — a’zo bo‘lish va a’zolikdan mahrum bo‘lish shartlari va tartibi, a’zolarning huquq va majburiyatlari;
  • pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkni shakllantirish manbalari, nodavlat notijorat tashkiloti hamda uning tarkibiy bo‘linmalarining mol-mulkni boshqarish borasidagi huquqlari;
  • qayta tashkil qilish va tugatish tartibi;
  • ustavga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish tartibi.

Ma’lumot uchun

2. NNTni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qanday hujjatlar talab qilinadi?

NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ro‘yxatga oluvchi organga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • mazkur nodavlat notijorat tashkilotining rahbar-organi a’zolari har birining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili va joyi, yashash joyi hamda manzilini ko‘rsatgan holda ular tomonidan imzolangan ariza;
  • nodavlat notijorat tashkilotining ustavi yoxud yuridik shaxs bo‘lgan vakolatxona yoki filial to‘g‘risidagi nizom davlat tilida ikki nusxada;
  • ta’sis shartnomasi — nodavlat notijorat tashkilotlarining uyushmalari (ittifoqlari) uchun;
  • nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi ta’sis s’ezdi (konferentsiyasi) yoki umumiy yig‘ilishning bayonnomasi yoxud ta’sischining qarori (respublika va viloyatlararo nodavlat notijorat tashkilotlari uchun tegishli vakolatxonalar va filiallarni tashkil etish, rahbar organlarni hamda boshqa organlarni shakllantirish to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham ko‘rsatiladi);
  • joylashgan eri nodavlat notijorat tashkilotining pochta manzili sifatida foydalanilishi mo‘ljallanayotgan ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqini yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat;
  • nodavlat notijorat tashkilotini tuzish tashabbuskorlari yoxud uning ta’sischilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • tashabbuskor fuqarolarning ro‘yxati;
  • bosh nodavlat notijorat tashkiloti davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi — vakolatxonalar va filiallar uchun;
  • dastlabki mablag‘lar shakllantirilganligini tasdiqlovchi hujjat — jamoat fondlari uchun;
  • vasiyatnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi — vasiyatnoma bo‘yicha tashkil etilayotgan jamoat fondlari uchun;
  • davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi bank to‘lov hujjati.

Ma’lumot uchun

3. NNTlar uchun ijtimoiy buyurtmalar berish tartibi qanday?

Davlat ijtimoiy buyurtmasi davlat organi va nodavlat notijorat tashkiloti yoki fuqarolik jamiyatining boshqa instituti o‘rtasida shartnoma tuzish yo‘li bilan sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun ishlar bajarish yoki tadbirlar o‘tkazishga doir davlat topshirig‘idan iborat bo‘ladi.

Davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlari orqali, shuningdek davlat boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat organlari ushbu Qonunda nazarda tutilgan ijtimoiy sheriklik sohalari doirasida o‘z faoliyatining nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari qo‘llab-quvvatlashini talab etadigan ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi hamda kelgusi moliya yili uchun davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish to‘g‘risida Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondiga yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlariga buyurtmalar yuboradi. Buyurtmada davlat organi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, ishlar bajarish yoki tadbirlar o‘tkazishga doir topshiriqning maqsadlari, vazifalari va shartlari ko‘rsatiladi.

  • Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlari davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish bo‘yicha tanlov tashkil etadi, nodavlat notijorat tashkilotlaridan va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan tushgan takliflarni umumlashtiradi hamda ularni tegishincha Parlament komissiyasiga, jamoat komissiyalariga kiritadi.

Parlament komissiyasi yoki jamoat komissiyalari tegishincha Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqib, davlat ijtimoiy buyurtmalarini berishning maqsadga muvofiqligi va ularning hajmlari to‘g‘risida belgilangan tartibda qaror qabul qiladi, davlat buyurtmachilarining ro‘yxatini va ko‘rsatilgan mablag‘larni ajratish rejalashtirilayotgan faoliyat yo‘nalishlarini ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari davlat ijtimoiy buyurtmalari loyihalarini ishlab chiqadi hamda ularni ko‘rib chiqish uchun tegishincha Parlament komissiyasiga, jamoat komissiyalariga taqdim etadi.

Ma’lumot uchun:

4. NNTlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi?

Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, bosh tashkiloti O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari, respublika, viloyatlararo nodavlat notijorat tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Viloyat, tuman, shahar, shaharcha, qishloq va ovul hududlarida faoliyat olib boradigan nodavlat notijorat tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi nodavlat notijorat tashkilotlarining chet el fuqarolari bo‘lgan xodimlarini, shuningdek ularning qaramog‘idagi oila a’zolarini belgilangan tartibda akkreditatsiya qilishni amalga oshiradi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlar ta’sis s’ezdi (konferentsiyasi) yoki umumiy yig‘ilish o‘tkazilgan kundan e’tiboran 2 oy ichida, jamoat birlashmasi uchun esa 1 oy ichida taqdim etiladi.

Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlarni qabul qilib olgan adliya organi ularni 1 oylik muddat ichida ko‘rib chiqadi hamda nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran 3 kun ichida muassislarga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida guvohnoma yoki qonunchilikning qaysi qoidalari buzilganligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etishga olib kelganligi haqida aniq ko‘rsatilgan hujjat beradi.

Ma’lumot uchun:

5. NNTlarga davlat subsidiyalarini ajratish tartibi qanday?

Davlat subsidiyasi sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik faoliyatni amalga oshirayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan beriladigan hamda aniq loyihalar bilan bog‘liq bo‘lmagan moliyaviy yoki boshqa moddiy ko‘makdir.

Davlat subsidiyalaridan faqat nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni bajarish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ijtimoiy foydali maqsadlarga erishish uchungina foydalaniladi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari davlat subsidiyasini olish uchun Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondiga buyurtmalar bilan murojaat etadi.

Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining buyurtmalarini umumlashtiradi, subsidiyalash hajmlariga doir takliflarni tayyorlaydi hamda ularni Parlament komissiyasiga kiritadi.

  • Parlament komissiyasi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqib, subsidiyalashning maqsadga muvofiqligi va zarur hajmlari to‘g‘risida belgilangan tartibda qaror qabul qiladi.
  • Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi navbatdagi yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti tasdiqlanganidan keyin Parlament komissiyasiga davlat subsidiyalarini taqsimlashga doir takliflarni taqdim etadi.

Parlament komissiyasi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining takliflari olinganidan keyin nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ajratiladigan davlat subsidiyalarining hajmlarini aniqlaydi.

Davlat subsidiyalarini ajratish tartibi va shartlari Parlament komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Qonunchilikda ayrim nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari uchun davlat tomonidan subsidiyalashning boshqacha tartibi ham nazarda tutilishi mumkin.

Ma’lumot uchun:

Chat