Iste’molchining huquqlari
Iste’molchi quyidagi huquqlarga ega:
- shartnomaga muvofiq zarur hajmdagi, sifatli va xavfsiz xizmatdan foydalanish;
- chiqindilarni olib chiqishning belgilangan minimal davriyligiga rioya etilishini talab qilish;
- amaldagi tariflar, xizmat ko‘rsatish tartibi va ulardagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot olish;
- 12 oygacha oldindan to‘lov qilish va shu davrda tarif oshsa, qayta hisob-kitob qilinmasligini talab qilish;
- chiqindi belgilangan jadvalda olib ketilmasa, dispetcherlik xizmatiga buyurtmanoma berish;
- sifatsiz yoki to‘liq ko‘rsatilmagan xizmat bo‘yicha dalolatnoma tuzishni talab qilish;
- noto‘g‘ri hisob-kitob natijasida etkazilgan zararni qoplashni talab qilish;
- hujjatlar bilan tasdiqlangan vaqtincha yo‘qlik davri uchun to‘lovdan ozod bo‘lish;
- huquqlari buzilganda vakolatli organlarga yoki sudga murojaat qilish.
Iste’molchining majburiyatlari
Iste’molchi:
- xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq to‘lashi;
- konteynerli tizimda chiqindilarni faqat belgilangan konteynerlarga tashlashi;
- «signal» usulida chiqindilarni maxsus transport kelguniga qadar o‘z hududida saqlashi va jadval bo‘yicha kelgan transportga topshirishi;
- chiqindilarni ko‘chalar, ariqlar, suv yo‘llari va boshqa ruxsat etilmagan joylarga tashlamasligi;
- chiqindilar va barglarni maxsus texnik qurilmalarsiz yoqmasligi;
- ko‘p kvartirali uyning umumiy joylarida chiqindi to‘plash joyini tashkil etmasligi;
- yirik gabaritli va qurilish chiqindilarini oddiy konteynerlarga tashlamasligi;
- cho‘g‘, issiq kul va o‘chmagan yoqilg‘i qoldiqlarini konteyner yoki maxsus transportga joylashtirmasligi;
- konteyner yoki chiqindi to‘plash shoxobchasidagi nosozlik haqida xizmat ko‘rsatuvchini darhol xabardor qilishi kerak.
Chiqindini ruxsat etilmagan joyga tashlash yoki yoqish iste’molchini ma’muriy javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning huquqlari
Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot:
- ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq olish;
- qarzdorlik va penyani undirish bo‘yicha sudga murojaat qilish;
- iste’molchilar ma’lumotlar bazasini yangilash va qarzdorlik haqida ogohlantirish;
- yirik gabaritli, qurilish, chorvachilik va suyuq chiqindilarni alohida to‘lov evaziga olib chiqish;
- yong‘inga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan cho‘g‘ va o‘chmagan chiqindilarni transportga ortmaslik huquqiga ega.
Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning majburiyatlari
Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot:
- hudud biriktirilganidan keyin 5 ish kuni ichida ommaviy shartnomani e’lon qilishi;
- belgilangan jadval asosida chiqindilarni muntazam olib chiqishi;
- minimal davriylikka rioya qilishi;
- maxsus transport harakatini GPS orqali real vaqt rejimida nazorat qilish imkonini yaratishi;
- konteynerlar va chiqindi to‘plash shoxobchalarini soz va sanitariya talablariga muvofiq holda saqlashi;
- iste’molchilarga zarur sifatda xizmat ko‘rsatishi;
- jadval buzilganda dispetcherlik buyurtmanomasini kelib tushgan kundan boshlab bir ish kunidan kechikmay bajarishi;
- bajarilgan ishlar haqida iste’molchini SMS yoki rasmiy ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali xabardor qilishi kerak.
Taraflarning huquq va majburiyatlari Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-fevraldagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan qoidalarda belgilangan.