Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5265 marta o'qildi

Maxsus maktab alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalarga (tarbiyasi og‘ir bolalar) ta’lim berishni, ularning kasb-hunar tayyorgarligi va ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiyasini amalga oshiruvchi ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasasi hisoblanadi. Maxsus maktab o‘g‘il bolalar uchun alohida, qiz bolalar uchun alohida tashkil etiladi.

Maxsus maktabga joylashtirish

Maxsus maktabga 11 yoshdan 16 yoshgacha (umumiy o‘rta ma’lumot olishni tugallamagan) voyaga etmaganlar quyidagi hollarda joylashtirilishi mumkin, agar ular:

  • ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan, lekin jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan yoshga to‘lmagan bo‘lsa;
  • muntazam ravishda huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir qilayotgan bo‘lsa.

Sud ajrimi maxsus maktabga joylashtirish uchun asos hisoblanadi.

Maxsus maktabning guruh va sinfidagi bolalar soni 25 nafardan oshmasligi lozim.

Ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) hech bir cheklovsiz tarbiyalanuvchilardan xabar olish, maxsus maktabning o‘quv-tarbiyaviy faoliyati, bolalarining ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiyasi jarayoni bilan tanishish huquqiga ega.

Taqdim etiladigan hujjatlar

Tarbiyasi og‘ir har bir bola bolalar uchun ichki ishlar organlari shaxsiy hujjatlar yig‘majildi rasmiylashtiradi.

Voyaga etmaganning shaxsiy hujjatlar yig‘majildida quyidagi hujjatlar mavjud bo‘ladi:

  • jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining voyaga etmaganni ixtisoslashtirilgan maktabga joylashtirish haqidagi ajrimi;
  • tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma;
  • ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatlar (mavjud bo‘lsa);
  • o‘qish joyidan ma’lumotnoma va tavsifnoma;
  • yashash joyidan ma’lumotnoma va tavsifnoma;
  • voyaga etmaganning yashash va tarbiyalanish sharoitlarini tekshirish dalolatnomasi;
  • tegishli ma’lumotnomalar bilan birga tibbiy karta;
  • sog‘liqni saqlash muassasasining voyaga etmagan shaxsning sog‘lig‘i va uni ixtisoslashtirilgan maktabga joylashtirish mumkinligi to‘g‘risidagi xulosasi.

Maxsus maktabda bo‘lish muddati
  • Maxsus maktabda tarbiyalanuvchilar 16 yoshga to‘lgunlariga qadar saqlanishi mumkin.
  • Istisno hollarda tarbiyalanuvchilarning ixtisoslashtirilgan maktabda bo‘lishi ular 17 yoshga to‘lgunlariga qadar uzaytirilishi mumkin.
  • Tarbiyalanuvchining maxsus maktabda bo‘lishi voyaga etmaganlar ishlari bo‘yicha tuman (shahar) idoralararo komissiyasining qaroriga ko‘ra to‘xtatiladi, bu haqda tarbiyalanuvchi kamida bir oy oldin xabardor qilinadi.
  • Tarbiyalanuvchi maxsus maktabdan chiqarilgan taqdirda u tarbiyalanishi va ta’lim olishi davrida foydalangan kiyim-bosh va poyabzal komplekti bepul beriladi.
  • Maxsus maktabdan chiqarilayotgan vaqtda, yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tgan tarbiyalanuvchilarga belgilangan namunadagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar beriladi.
  • Ta’limni yakunlamagan tarbiyalanuvchilarga belgilangan namunadagi ma’lumotnoma beriladi.
  • 16 yoshgacha bo‘lgan tarbiyalanuvchilar maxsus maktabdan chiqarilayotgan vaqtda doimiy yashash joylariga maxsus maktab xodimlari yoki ota-onasi kuzatuvida yuboriladilar.

Maxsus maktabda ta’lim-tarbiya jarayoni

Maxsus maktabda quyidagilar maxsus shart-sharoitlar ta’minlanadi:

  • maxsus maktab hududini qo‘riqlash;
  • tarbiyalanuvchilarning shaxsiy xavfsizligini va salbiy ta’sirlardan yuqori darajada himoya qilish;
  • maxsus maktab hududiga begona shaxslarning erkin kirishini cheklash;
  • maxsus maktabda tarbiyalanayotganlarning uning hududidan erkin chiqishini cheklash;
  • tarbiyalanuvchilarni kecha-kunduz, shu jumladan uyqu uchun ajratilgan vaqt davomida nazorat qilish;
  • tarbiyalanuvchilarni shaxsiy tekshiruvdan o‘tkazish, ularning buyumlarini, shuningdek ular olayotgan va yuborayotgan posilka va boshqa pochta jo‘natmalarini tekshiruvdan o‘tkazish.

Maxsus maktabda ta’lim berish
  • Maxsus maktabda ta’lim berish umumiy o‘rta ta’lim o‘quv rejalari va ta’lim dasturlari asosida olib boriladi, ta’tillar, attestatsiya, ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar umumiy asoslarda beriladi.
  • Tarbiya, ta’lim, mehnat va dam olishning asoslangan holda uyg‘unlashtirilishini ta’minlovchi kun tartibi tarbiyalanuvchilarning maxsus maktabda bo‘lish muddatlari davomiyligini hisobga olgan holda tuziladi.

Tarbiyalanuvchilar huquqlari
  • ota-onasini maxsus maktabga olib kelinganligi yoki joylashtirilganligi to‘g‘risida xabardor qilish;
  • voyaga etmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalarga, prokuratura organlariga yoki sudga shikoyat qilish;
  • odamning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmaydigan insoniy muomalada bo‘lish;
  • cheklanmagan miqdorda telefonda so‘zlashuvlar, boshqa aloqa vositalari orqali muloqotlar hamda uchrashuvlar vositasida oilasi bilan aloqada bo‘lish, posilkalar, banderollar, yo‘qlovlar olish, xat va telegrammalar olish hamda jo‘natish;
  • tasdiqlangan normalar bo‘yicha bepul ovqat, kiyim-kechak, poyabzal va boshqa ashyoviy ta’minot buyumlarini olish.

Tarbiyalanuvchilarning majburiyatlari

Tarbiyalanuvchining maxsus maktab hududidan tashqariga chiqishi maktab rahbariyatining yozma ruxsatnomasiga ko‘ra faqat maktab xodimlari yoxud ota-onasi yoki ota-onasi o‘rnini bosuvchi shaxslar kuzatuvida amalga oshirilishi mumkin.

Tarbiyalanuvchi maxsus maktabni o‘zboshimchalik bilan tark etgan taqdirda ma’muriyat bu haqda ota-onasini va mazkur maktab joylashgan joydagi va tarbiyalanuvchining yashash joyidagi yoki turgan joyidagi ichki ishlar organlarini xabardor qiladi hamda ichki ishlar organlari bilan birgalikda uni topish va maxsus maktabga qaytarish chora-tadbirlarini ko‘radi.

G‘ayrihuquqiy xatti-harakatlar sodir etgan tarbiyalanuvchilarga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin:

  • ogohlantirish;
  • hayfsan e’lon qilish;
  • tarbiyalanuvchilar majlisida, maxsus maktab pedagogik kengashida muhokama qilish;
  • dam olish va bayram kunlarida, ta’til vaqtida maxsus maktab hududidan tashqariga chiqish huquqidan mahrum etish;
  • ota-onasi yoki ota-onasi o‘rnini bosuvchi shaxslarga qoidabuzarlik haqida xabar qilish.

Tarbiyalanuvchilarga nisbatan:

  • jismoniy va ruhiy ta’sir ko‘rsatish usullarini, odamning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan ta’sir choralarini qo‘llashga;
  • tarbiyalanuvchilarni ota-onasi bilan aloqalarini cheklash yoki taqiqlashga;
  • ovqatlanish me’yorlarini kamaytirishga, tarbiyalanuvchilarni sayr qilishdan mahrum etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Rag‘batlantirish

Ta’lim olishdagi yutuqlari, jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun maxsus maktab tarbiyalanuvchilari uchun quyidagi rag‘batlantirish choralari belgilanadi:

  • tashakkurnoma e’lon qilish;
  • faxriy yorliq, qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirlash;
  • ilgari qo‘llanilgan jazoni bekor qilish;
  • ota-onasi yoki ota-onasi o‘rnini bosuvchi shaxslarga namunali xulq-atvori va ta’lim olishdagi yutuqlari haqida xabar berish;
  • ta’til vaqtida ota-onasi yoki ota-onasi o‘rnini bosuvchi shaxslar huzuriga yuborish;
  • maxsus maktab xodimlari kuzatuvida maktab hududidan tashqariga chiqish huquqini berish.

Chat